OLIY TA’LIM VA ISHLAB CHIQARISH INTEGRATSIYASI

Avtomobil yo‘llarining holati va ulardan foydalanish samaradorligi mamlakatimizda avtomobilda yuk va yo‘lovchi tashishni rivojlantirish darajasini belgilaydi. Qattiq va tekis qoplamali, to‘g‘ri va ravon yo‘lda avtomobil belgilangan tezlikda yurishi, maksimal darajada yo‘lovchilar yoki tovarlarni tashishi mumkin. Bu yoqilg‘i sarfi va tashish qiymatini kamaytirish, transport vositasining xizmat qilish muddatini uzaytirish bilan bog‘liq iqtisodiy samara ham beradi. Eng muhimi, avtomobil yo‘llari sifatli bo‘lgan mamlakat transport koridori va xalqaro tranzit tashishlar markaziga aylanishda katta imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy yuksalish ko‘rsatkichlarini oshirish imkonini beradi.

       Shu maqsadda yurtimizda sifatli va ravon yo’llar va yo’l inshootlarini qurishga ixtisoslashgan, hamda zamonaviy uskuna va texnika bilan jihozlangan “GRAND ROAD TASHKENT” Turkiya – O’zbekiston qo’shma korxonasi o’z faoliyatini yaqin vaqtlarda boshladi.

     Ushbu zamonaviy qo’shma korxona rasmiy taklifi bilan kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishish va kelgusida institutimiz va ishlab chiqarish vakili bilan muntazam o’quv va ilmiy aloqa munosabatlarini yaratish maqsadida Toshkent avtomobil yo’llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti “Avtomobil yo’llarini qurish va ekspluatatsiya qilish” kafedrasi professor-o’qituvchilari, doktorantlari va magistrlari, “Ravon yo’l” klubi a’zolari, hamda “Avtomobil yo’llari va sun’iy inshootlar” fakulteti iqtidorli talabalari tashrif buyurdilar. Tashrif davomida mexmonlarga kompaniya hududi va faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Anjumanlar honasida kompaniya o’z taqdimotini o’tkazdi.

      Institut iqtidorli talabalari kompaniya rahbariyati va vakillariga o’z ilmiy ishlarini taqdimot ko’rinishida tanishtirishdi. Kompaniya rahbariyati dolzarb va qiziqarli ilmiy ishlarni saralab, iqtidorli talabalarga kompaniya bilan ilmiy izlanishlarda yaqin aloqada bo’lish taklifini berishdi.

      Kompaniya rahbariyati mehmonlarga sovg’alar ulashishdi, hamda kelgusida institut bilan yaqin aloqada bo’lib faoliyat yuritishlarini ta’kidlab o’tishdi.